Aldov qurboni bo‘lmang!

Tasavvur qiling, kechagina uyida, oilasi bag‘rida xotirjam yashagan, topish-tutishidan qanoatlangan inson bugun o‘z nafsining so‘ziga kirib, yaqinlaridan ancha uzoqda, xoru zorlikda, haq-huquqidan butkul mosuvo bo‘lib, odam savdosi qurboniga aylanib qolmoqda. Ayni paytda ushbu illat chegara tanlamasligi hamda girdobiga, asosan, yoshlar va ayollarni tortayotganligi bilan dunyo hamjamiyatida katta tashvish va xavotir uyg‘otayapti. Tan olish kerakki, mazkur jinoiy faoliyat ortida donorlik, qullik, harbiy to‘qnashuvlarda foydalanish, fohishabozlik bilan shug‘ullanishga majburlash kabi qabih qilmishlar mujassamki, bunga qarshi qat’iy kurashish, aniq chora-tadbirlarni qo‘llash bugungi kunda hayotiy zaruratdir.

BMT tomonidan 2013 yilda 30 iyul — Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni sifatida belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida ushbu sana arafasida matbuot anjumani tashkil etildi. Muxbirimiz mazkur tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Gulnoza RAHIMOVA bilan mamlakatimizda odam savdosining oldini olish, unga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida suhbatlashdi.

— Odam savdosi inson sha’ni, qadr-qimmati, osoyishta turmushi hamda kelajagiga tahdid soladigan transmilliy jinoyatlardan biridir. Buni ko‘plab hayotiy misollar orqali kuzatishimiz mumkin. Ana shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar nechog‘li samara berayapti?

— Taassufki, ayni davrga kelib, odam savdosi mo‘may foyda keltiruvchi faoliyat turlaridan biriga aylanib ulgurdi. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ushbu illat jahon miqyosida tobora chuqurroq ildiz otib borayotganiga guvoh bo‘lamiz. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda qulga aylanib qolayotgan fuqarolarning soni yildan-yilga ortib borayapti. Ayni vaqtda mazkur illat changaliga ilinib, ayanchli ahvolga tushib qolganlar soni 20 million nafardan ortiqni tashkil qilmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, har yili dunyoda 4 milliondan ortiq inson o‘z erkiga zid ravishda qulga aylanayapti. Xalqaro ekspertlar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur jinoyatdan tushayotgan yillik daromad miqdori qariyb 150 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

2013 yilda BTMning Bosh Assambleyasi tomonidan ma’qullangan Rezolyutsiyaga asosan, 30 iyul — Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni, deb e’lon qilindi hamda ushbu illatga qarshi yanada jiddiy kurashish dolzarb, kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa sifatida belgilandi. Hozirgi kunga kelib, yurtimizda bu boradagi ishlar ta’sirchanligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu o‘rinda mazkur sohada, eng avvalo, xalqaro hamjihatlik yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etish joiz. O‘zbekiston Respublikasi BMTning Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanilishiga qarshi kurash to‘g‘risidagi Konventsiyasi hamda yakuniy Bayonnomasi, Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi Konventsiya va uni to‘ldiruvchi “Odam savdosining, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqida”gi qo‘shimcha Bayonnomasi, Bolalarni boshqa mamlakatlarga o‘g‘irlab ketishning fuqarolik jihatlari to‘g‘risidagi Gaaga konventsiyasi kabi ko‘plab xalqaro hujjatlar ishtirokchisiga aylandi. Shuningdek, bu borada xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, odam savdosining xavfli ko‘rinishlariga qarshi kurash haqida o‘ttizdan ortiq shartnoma va kelishuvlar imzolandi.

— Odam savdosiga qarshi samarali kurashish nafaqat mazkur faoliyatni xalqaro huquqiy jihatdan ta’minlash, shu bilan birga, milliy qonunchilikni takomillashtirish, uning ijrosini so‘zsiz bajarishni ham taqozo etadi. Shunday emasmi?

— Darhaqiqat, mamlakatimizda ushbu jinoyatga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy asoslar yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasining 2008 yilda qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni yurtimizda bu ofatga barham berish, undan jabrlanganlarni himoya qilishda muhim poydevor bo‘ldi. Binobarin, mazkur hujjat “odam savdosi” tushunchasini xalqaro standartlarga muvofiq mustahkamladi va ushbu faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari va ularning vakolatlarini belgilab berdi. Shu bilan birga, odam savdosi qurbonlarini himoya qilish hamda ularga yordam ko‘rsatish masalalarini davlat miqyosi darajasiga ko‘tardi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 8 iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan yuqoridagi Qonun normalari amaliyotga tatbiq etildi. Mazkur hujjat bilan 2008 — 2010 yillarda odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha birinchi Milliy tadbirlar rejasi tasdiqlanib, tegishli davlat organlari va jamoat tashkilotlari oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Shuni qayd etish kerakki, hozir mamlakatimizda ana shu yo‘nalishdagi beshinchi chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilayapti.

Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi tashkil qilindi, uning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilandi, tuzilmasi hamda nizomi tasdiqlandi. Markaz malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan bo‘lib, bu yerda odam savdosi jabrdiydalarining yashashi, tibbiy, psixologik, yuridik va boshqa yordam olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Mazkur Qonun qabul qilingani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, ushbu toifadagi jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 23 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada muhim hujjatlardan biri ekanini qayd etish joiz. Chunki biometrik ma’lumotlarga ega pasportlarning joriy etilgani davlat chegarasidan o‘tishda shaxsni tezkor va aniq identifikatsiyalashda muhim omil bo‘lmoqda.

Qolaversa, 2013 yil 7 oktyabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonun bilan “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonun hamda Mehnat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, odam savdosidan jabrlanganlar davlat tomonidan aholining ayrim toifalarini ishga joylashtirishdagi qo‘shimcha kafolatlar ta’minlanadiganlar orasiga kiritilgan.

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 14 martdagi qarori bilan Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan Dastur tasdiqlanib, unda odam savdosiga qarshi kurashishni yanada takomillashtirishga oid bir qator muhim tadbirlar kiritildi. Shu xususda ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Dasturda, eng avvalo, ushbu sohaga oid huquqiy asoslarni yanada takomillashtirishga doir choralar aks etdi. Chunonchi, “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning odam savdosidan jabrlanganlar majburlov yoki tahdid ostida sodir etgan qilmishi uchun fuqarolik, ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi haqidagi normasini amalga oshirish tartibini belgilash nazarda tutildi. Ish beruvchilarning qat’iy mehnat qonunchiligi doirasida xodimlar bilan mehnat munosabatlariga kirishishlarini rag‘batlantirish, xodimlarni, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan noqonuniy va norasmiy yollashni istisno qilishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash muhim jihatlardan biri bo‘ldi. Xorijiy davlatlardagi mehnat migrantlari muammolarini tahlil qilish, ularni bartaraf etishda amaliy yordam berish faoliyatini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Dastur asosida, shuningdek, 2017-2018 yillarda xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan odam savdosiga qarshi kurashish va odam savdosidan jabrlanganlarga huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalarni tuzishga oid takliflar kiritish, respublika hududidan uzoq muddatga chiqib ketgan fuqarolar bilan zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ishlashni tashkil etish tartibini belgilashga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlandi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tashrif buyurgan davlati, shu jumladan, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarining joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etuvchi “Safarkompasi” elektron mobil aloqa dasturini yaratish ko‘zda tutilgani aldov qurbonlari soni kamayishiga olib keladi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining mazkur qarori bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi to‘g‘risidagi yangi nizom va uning yangilangan tarkibi tasdiqlandi. Endilikda ushbu komissiya faoliyatini boshqarish IIVga o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha, Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha, Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha va Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyalar bo‘yicha yagona muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilandi.

— Odam savdosiga qarshi kurashishda targ‘ibоt-tushuntirish tadbirlarining amalga oshirilishi aholi, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini yuksaltirish, o‘z erkini birovlar qo‘liga topshirib qo‘yishning oldini olishda alohida ahamiyat kasb etadi. Sizning bu boradagi fikrlaringiz qanday?

— Albatta, odam savdosiga qarshi kurashishda aholi o‘rtasida ushbu illatning xavfi va oqibatlari haqida keng tushuntirish ishlarini olib borish, fuqarolarni bu boradagi vaziyatdan ogoh etish hamda xabardorligini ta’minlash juda muhim. Shu maqsadda 330 mingdan ortiq targ‘ibоt tadbirlari o‘tkazildi, ularning 15 mingdan ko‘pini ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar tashkil etadi. Shu jumladan, prokuratura organlari tomonidan 2369 ta uchrashuv, suhbat, davra suhbatlari uyushtirilib, 789 ta ommaviy axborot vositasida chiqishlar qilindi.

Ayni paytda OAV vakillarini odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro norma va standartlar, milliy qonunchilik asoslari hamda bu boradagi xorijiy tajriba bilan tanishtirish maqsadida ko‘plab tadbirlar uyushtirilmoqda. Misol uchun, shu yilning 17 — 23 iyul kunlari prokuratura organlarida odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha axborot haftaligi o‘tkazildi. Uning doirasida odam savdosiga qarshi kurashish va oldini olish mavzuida aholi o‘rtasida 440 ta uchrashuv, davra suhbatlari hamda boshqa targ‘ibоt tadbirlari tashkil etilib, matbuot, televidenie va radio orqali 159 ta chiqish qilindi. O‘z navbatida, mas’ul ijrochilar bilan hamkorlikda seminarlar, konferentsiyalar tashkil etish, odam savdosiga qarshi kurashishga doir normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini ijrochilar va aholiga yetkazish rejalashtirilgan. Albatta, bularning barchasi odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.