Mahalliy eksport qiluvchi korxonalarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mahalliy eksport qiluvchi korxonalarni va fermer xo‘jaliklar faoliyatini, ularning tashqi bozorlarda raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport qilishini iqtisodiy rag‘batlantirish, shuningdek, valyuta bozorini yanada liberallashtirish maqsadida:

1. 2017-yilning 1-avgustidan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq eksport qiluvchi xo‘jalik subyektlariga mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) eksport qilishdan valyuta tushumlarining 25 foizini majburiy sotish bo‘yicha talab bekor qilinadi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki:

2017-yilning 1-avgustigacha bo‘lgan muddatda respublikamiz vakolatli tijorat banklari va eksport qiluvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar, jumladan, fermer xo‘jaliklar o‘rtasida ushbu qaror bilan o‘rnatilgan tartibni amalga oshirish mexanizmi bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib borsin;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Markaziy bank raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                        Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 28-iyul