O‘zbekiston “Asian Bazaar – 2018” xalqaro ko‘rgazmasida

Al-Kuvaytda mintaqa sayyohligi, madaniyati va ta’limiga bag‘ishlangan “Asian Bazaar – 2018” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir doirasida uning ishtirokchi va mehmonlari mamlakatimizning sayyohlik salohiyati bilan tanishar ekanlar, O‘zbekiston bo‘lmasi gavjumligi bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortganini qayd etdilar.

Jumladan, Kuvayt sayyohlik kompaniyalaridan birining direktori Muhammad Bargul o‘zbek xalqining boy ma’naviy merosi, tarixiy diqqatga sazovor maskanlari, ko‘hna shaharlari hamda o‘ziga xos va betakror milliy taomlari hech kimni befarq qoldirmasligini qayd etdi.

-O‘zbekistonning ulkan sayyohlik imkoniyatlari bilan tanishganimdan so‘ng bu go‘zal mamlakatga borishga, o‘zbek xalqining hayot tarzi va milliy an’analari bilan tanishishga hamda respublikaning zamonaviy rivojlanishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishga qaror qildim, – dedi u. – Darhaqiqat, O‘zbekiston insoniyat tsivilizatsiyasining beshiklaridan biri hisoblanadi. Biz bu mamlakat musulmon dunyosida, eng avvalo, buyuk muhaddis Imom al-Buxoriyning vatani sifatida dovrug‘ qozonganini yaxshi bilamiz. Bu tabarruk zaminda Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Amir Temur va boshqa ko‘plab jahonga mashhur alloma hamda mutafakkirlar, shoir va sarkardalar yashab ijod qilganlar.

Shu bilan birga, Yaqin Sharqning ayrim mamlakatlari, jumladan, Kuvayt fuqarolari uchun soddalashtirilgan viza rejimining yo‘lga qo‘yilishi, charter havo qatnovlarining tashkil etilishi, kelgusida esa mamlakatlarimiz o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlarining ochilishi O‘zbekistonga boradigan sayyohlar oqimining oshishiga ko‘maklashadi, deb o‘ylayman.

-Bugun bo‘lib o‘tgan tadbir O‘zbekistonning boy tarixi, uning ma’naviy, madaniy va sayyohlik salohiyati haqidagi bilimlarimizni yanada oshirishga imkoniyat yaratdi, – dedi Hindistonning Kuvaytdagi elchixonasi attashesi Anup Singx. – Hozirgi paytda mamlakatingizda respublika rahbariyati tomonidan zamonaviy aviaqatnovlar, yuqori tezlikda harakatlanadigan poezdlar, poytaxt Toshkentni respublikaning tarixiy markazlari bilan bog‘laydigan avto yo‘llar tarmog‘iga ega bo‘lgan infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiyalashga katta e’tibor qaratilayotgani bizda alohida taassurot qoldirdi. Keyingi yillar davomida xalqaro andozalardagi yangi mehmonxonalar tarmog‘ining barpo etilgani, tarixiy qadamjolarning ta’mirlangani hamda transport infratuzilmasining modernizatsiyalashgani dunyoning turli burchaklaridan keladigan sayyohlar sonining ko‘payishiga xizmat qilishiga sira shubha yo‘q.