O‘zbekiston Ternopil Region Invest 2018 Xalqaro sarmoyaviy forumida taqdim etildi

Ternopol viloyat davlat ma’muriyati uyushtirgan Ternopil Region Invest 2018 Xalqaro sarmoyaviy forumi doirasida O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizning Ukrainadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda viloyat ma’muriyati, yirik korxonalar, sayyohlik kompaniyalari, xorijiy davlatlar diplomatiya vakolatxonalari hamda xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbek diplomatlari o‘z chiqishlarida tadbir qatnashchilariga mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish, tadbirkorlar va sarmoyadorlarga maksimal darajadagi qulay sharoitlarni yaratish, xorijlik sheriklar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hozirgi yo‘li haqida so‘zlab berdilar.

O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyati, tarmoqni yanada rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, mazkur soha taraqqiyotiga mablag‘ yotqizishni istaydigan chet el kompaniyalari uchun yaratilgan qulay sharoitlar hikoya qiladigan videofilm namoyishi tadbirga o‘zgacha mazmun bag‘ishladi.

Toshkent viloyatining eng xushmanzara tumanlaridan birida joylashgan “Chorvoq” erkin sayyohlik zonasi taqdimotning alohida mavzusi bo‘ldi. Bu xususda taqdim etilgan ma’lumotlar tadbir ishtirokchilarida mazkur zonaga borish ishtiyoqini uyg‘otdi. Chunki bu maskanda yozda dam oluvchilar bilan birga qishki sayohat ishqibozlari ham tabiat go‘zalliklaridan birdek bahramand bo‘lishadi.

Bulardan tashqari, Ternopil Region Invest Xalqaro sarmoyaviy forumi doirasida ishbilarmon doiralar vakillari tomonidan o‘zbek mahsulotlarini Ivano-Frankovsk va Lvov viloyatlari bozorlariga yetkazib berish hajmlarini oshirish hamda Ukrainaning g‘arbiy mintaqalari sayyohlarini O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga jalb etish bilan bog‘liq masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.