Prezident investitsiya loyihalari bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari bilan tanishdi.

Farg‘ona viloyatida xorijiy sarmoyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilishga qaratilgan investitsiyaviy xab tashkil etilmoqda. Xorijdagi doimiy ofislar, birodarlashgan shaharlar va yurtimizdagi chet ellik ishbilarmonlar orqali bu xabga 161 million dollardan ortiq investitsiya olib kelish rejalashtirilmoqda. Ushbu mablag‘ni yangi korxonalar ochish va mavjudlarini modernizatsiya qilishga yo‘naltirib, 2 ming 700 dan ortiq ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, mazkur investitsiyaviy xab viloyatdagi erkin iqtisodiy zonalar va innovatsion markazlar bilan ham ishlaydi.

Prezidentimiz bu tizimni takomillashtirish, bunday xablarni boshqa hududlarda ham tashkil etish, iqtisodiy barqaror korxonalarni ko‘paytirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Shu yerda Farg‘ona viloyatidagi sanoat korxonalariga investitsiya jalb etish, bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish, yoshlarning innovatsion ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlashga oid loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.