Prezidentimiz Shayxontohur tumanida bunyod etiladigan ko‘ngilochar istirohat bog‘i loyihasi bilan tanishdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanining Beltepa va Jarariq ko‘chalari kesishgan joyda barpo etilayotgan ko‘ngilochar istirohat bog‘i qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Mazkur bog‘ konsepsiyasida milliy me’morlik an’analari va zamonaviy shaharsozlik talablari uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratilgan. Bog‘ hududi 10 gektar bo‘lib, bu yerda ko‘ngilochar maskanlar, zamonaviy attraksionlar, bionik ayvonlar, qishki bog‘, charxpalak, musiqali favvoralar, skeytbord va chang‘i uchish joylari, velosiped yo‘laklari, istirohat bog‘i bo‘ylab dor yo‘li, kafelar, 5 qavatli avtomobillar turar joyi qurilishi rejalashtirilgan.

Ushbu bog‘dagi yopiq ko‘ngilochar maskanlar yilning to‘rt faslida ham odamlar hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyat yaratadi. Bog‘ hududiga quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan yoritish ustunlari va zamonaviy soyabonlar o‘rnatiladi.

Hudud musaffoligini ta’minlash maqsadida boqqa kashtan, qarag‘ay, yapon saforasi, magnoliya, dub, qayin kabi havoni tozalovchi va kislorod bilan boyituvchi daraxtlar, turli butalar ekiladi.

Istirohat bog‘ida umumxalq bayramlari, ommaviy tomoshalar, konsert dasturlari, ko‘rgazma va forumlar, sport musobaqalari o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. O‘g‘il-qizlar uchun turli hunarmandlik, sport to‘garaklari, mahorat darslari tashkil etiladi.

Loyihani amalga oshirish uchun birinchi bosqichda 18 million dollar, ikkinchi bosqichda 22 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilishi mo‘ljallanmoqda.

Bog‘ning birinchi bosqichini 2018-yilda, ikkinchi bosqichini 2019-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ko‘ngilochar bog‘ to‘liq ishga tushgach, 350 kishi ish bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari bog‘ loyihasi bilan tanishar ekan, mazkur maskan poytaxtimiz aholisi va mehmonlarning sevimli dargohlaridan biri bo‘lishi kerakligini, odamlar hordiq chiqarishi uchun barcha zarur qulayliklar, atrof-muhit musaffoligini ta’minlaydigan infratuzilma barpo etish lozimligini ta’kidladi.

Bizning eng muhim vazifamiz – odamlarning fidokorona mehnati va dam olishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishdan iborat, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu yerda sayr qilish uchun imkoniyat yaratish va turli attraksionlar o‘rnatish bilan cheklanmay, bu maskanni katta-yu kichik uchun sevimli hordiq maskaniga aylantirish zarur.

Mutasaddi rahbarlarga qurilish ishlarini sifatli amalga oshirish, obodonlashtirish ishlarida manzarali daraxt va butalarni ko‘proq ekish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimiz ko‘rsatmalariga muvofiq poytaxtimizda bunyod etiladigan Qoraqamish istirohat bog‘i, “Eski shahar” savdo markazi, ko‘p qavatli turar-joylar, talabalar milliy ilmiy-ma’rifiy markazi, Islom madaniyati markazi loyihalari yanada takomillashtirildi.

Toshkentning Islom Karimov ko‘chasida 3,5 ming o‘rinli Universal sport saroyi, Maxtumquli ko‘chasida Ashxobod bog‘i, Shayxontohur tumanida zamonaviy savdo markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Yozuvchilar uyushmasi binosini qurish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi.

Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar bilan tanishdi, ularning qurilishini tezlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.