Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan uchrashuv

2018-yilning 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya tarkibidan YIning Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Piter Burian va Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Roland Kobia o‘rin olgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida turli shakllardagi hamkorlik holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Alohida e’tibor YIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi Strategiyasi loyihasi va “O‘zbekiston-YI” shaklidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.

Tomonlar Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangilangan ikki tomonlama Bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlash yuzasidan fikr almashdilar.

Yevropa Ittifoqi vakillari 11-12-iyun kunlari bo‘lib o‘tayotgan “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” mavzusidagi xalqaro konferensiya jarayonini yuqori baholadilar.

Suhbat chog‘ida xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqildi.