Saylov kampaniyasi boshlanishi e’lon qilindi – 11.09.2014

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo’yicha saylov kampaniyasi boshlanishi e’lon qilinishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
BAYONOTI

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasi ikkinchi qismi va O’zbekiston Respublikasi “Davlat hokimiyati vakillik organlariga va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi saylovi to’g’risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni 1-moddasiga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar 2014 yil 21 dekabrda o’tkaziladi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovni saylov qonunchiligiga, umume’tirof etilgan xalqaro normalar va standartlarga to’liq muvofiq holda o’tkazilishini ta’minlash, shuningdek, siyosiy partiyalar, fuqarolarga davlat hokimiyati vakillik organlarini shakllantirishda ishtirok etish konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirishda zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo’yicha saylov kampaniyasi 2014 yil 15 sentyabrdan boshlanishini e’lon qildi.

Markaziy saylov komissiyasi majlisida tegishli qaror qabul qilindi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o’tkazuvchi har bir saylov okrugiga to’g’ri keladigan saylovchilar normasi o’rtacha 154 ming saylovchi hisobidan belgilandi.

Shundan kelib chiqib, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2014 yil 27 sentyabrga qadar O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o’tkazuvchi saylov okruglarini tuzish bo’yicha Markaziy saylov komissiyasiga taqdimnomalar kiritishi lozim.

Saylov qonunchiligi talablariga binoan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o’tkazuvchi 135 ta saylov okruglari, ularning chegaralari hamda saylovchilar soni ko’rsatilgan ro’yxati 2014 yil 7 oktyabrga qadar matbuotda e’lon qilinadi.

Shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari 2014 yil 2 oktyabrga qadar Markaziy saylov komissiyasiga O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o’tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni tavsiya etishi lozim.

Markaziy saylov komissiyasi 2014 yil 12 oktyabrga qadar taqdim etilgan tavsiyalarga binoan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o’tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o’tkazuvchi okrug saylov komissiyalari 2014 yil 22 oktyabrga qadar saylov uchastkalarini va 2014 yil 11 noyabrga qadar uchastka saylov komissiyalarini tuzishi belgilandi.

Tuman, shahar hokimliklari, shuningdek xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o’tkazuvchi tegishli okrug saylov komissiyalariga 2014 yil 12 oktyabrga qadar saylov uchastkalarini tuzish bo’yicha taqdimnomalar kiritishlari va 2014 yil 1 noyabrga qadar uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni tavsiya etishlari lozim.

O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi qonunda belgilangan tartib va muddatlarda O’zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish uchun Markaziy saylov komissiyasiga taqdimnoma kiritishi lozim.

Davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar bir kunda o’tkazilishini inobatga olgan holda qonunda belgilangan tartibda tuziladigan saylov uchastkalari va uchastka saylov komissiyalari O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar uchun yagona hisoblanadi.
Siyosiy partiyalar O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etish uchun tegishli hujjatlarni Markaziy saylov komissiyasiga 2014 yil 12 oktyabrga qadar taqdim etadi.

Siyosiy partiyalar tomonidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko’rsatish 2014 yil 17 oktyabrida boshlanadi va 2014 yil 6 noyabrda tugaydi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro’yxatga olish uchun siyosiy partiyalardan hujjatlar qabul qilish 2014 yil 9 noyabrda to’xtatiladi, nomzodlarni ro’yxatga olish esa 2014 yil 16 noyabrda tugaydi.

Shuningdek, manfaatdor tashkilotlar o’z kuzatuvchilari to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o’tkazuvchi okrug saylov komissiyalariga 2014 yil 6 dekabrga qadar ma’lum qilishlari lozim.

Markaziy saylov komissiyasining qaroriga binoan uchastka saylov komissiyalari:

– saylovchilar ro’yxatlarini hamma tanishib chiqishi uchun 2014 yil 6 dekabrga qadar, O’zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, sanatoriylar va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo’lgan yerlarda, qamoqda saqlash joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida esa 2014 yil 14 dekabrga qadar taqdim qilishi;

– saylovchilar ro’yxati bilan tanishish joyi hamda vaqti to’g’risida saylovchilar o’z vaqtida xabardor qilinishini ta’minlashi;

– 2014 yil 11 dekabrga qadar saylovchilarni ovoz berish vaqti va joyi to’g’risida xabardor etishi;

– 2014 yil 11 dekabrdan 19 dekabrga qadar muddatidan oldin ovoz berishni o’tkazishi ma’lumot uchun qabul qilindi.

O’zbekiston Respublikasi “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida”gi Qonuniga muvofiq saylov jarayoni ishtirokchilarining e’tibori:

– saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar ro’yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanishiga va 2014 yil 19 dekabrda tugashiga, saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo’l qo’yilmasligiga;

– ovoz berish 2014 yil 21 dekabrda soat 6 dan soat 20 gacha o’tkazilishiga qaratilishi lozim.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida”gi Qonunining 471-moddasiga muvofiq O’zbekiston ekologik harakatidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bo’yicha O’zbekiston ekologik harakatining Konferensiyasi belgilangan tartibda 2014 yil 21 dekabrda o’tkazishi belgilandi.

Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan:

– uchastka saylov komissiyalari 2014 yil 21 dekabrda ovoz berish tugagach, ovoz berish yakunlarini chiqarishga kirishishi, komissiya majlisida ko’rib chiqish natijalari bo’yicha bayonnoma tuzishi va uni belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o’tkazuvchi okrug saylov komissiyasiga taqdim etishi, saylov qonunchiligi talablariga muvofiq, bayonnoma uchastka saylov komisiyasining raisi yoki rais o’rinbosari tomonidan o’qib eshittiriladi hamda mazkur bayonnomaning ko’chirma nusxasi uchastka saylov komissiyasi binosida hamma tanishib chiqishi uchun 48 soatdan kam bo’lmagan muddatga osib qo’yilishi;

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o’tkazuvchi okrug saylov komissiyalari uchastka saylov komissiyalari tomonidan taqdim etilgan bayonnomalar asosida saylov okrugi bo’yicha saylov natijalarini aniqlashi lozim va Markaziy saylov komissiyasiga 2014 yil 25 dekabrga qadar belgilangan tartibda bayonnomani taqdim etishi ham belgilandi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga o’tkazilgan saylov yakunlari to’g’risidagi axborot hamda saylangan deputatlarning ro’yxati 2014 yilning 31 dekabrga qadar matbuotda e’lon qilinadi.

Agar saylov okrugi bo’yicha deputatlikka ikki nafardan ortiq nomzod qo’yilgan bo’lsa-yu, ulardan birontasi ham saylanmasa, 2015 yil 4 yanvarga qadar okrug saylov komissiyasi okrugda takroriy ovoz berishni o’tkazish haqida qaror qabul qiladi.

Saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bilan bog’liq barcha tadbirlar Markaziy saylov komissiyasi, joylarda tuziladigan saylov komissiyalari tomonidan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, saylov to’g’risidagi qonunlarga, Markaziy saylov komissiyasining 2014 yilda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bo’yicha tadbirlar Dasturi qoidalariga qat’iy rioya etgan holda amalga oshiriladi.

Saylov kampaniyasini o’tkazishda Markaziy saylov komissiyasi asosiy tashkilotchisi hisoblanadi. Hyech kim, saylov jarayoniga aralashishi mumkin emas. Avvalambor, markazdagi va joylardagi davlat hokimiyati organlari saylov kampaniyasi jarayoniga aralashish, qonunchilik talablarini chetlab o’tish, buzish maqsadida qilingan har qanday urinishlar, aniqlangan homiylik holatlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar ko’riladi va aybdorlar jazolanadi.

Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati